NUR
Mixo 4
1Shunday kunlar keladiki, Egamizning uyi turgan tog‘ Tog‘larning eng yuksagi bo‘lib, qaror topadi. Bu tog‘ hammasidan ham baland bo‘ladi, Xalqlar u yerga daryoday oqib keladi.
2Ko‘plab ellar keladi, Ular shunday deb aytadi: “Qani, yuringlar! Chiqaylik Egamizning tog‘iga! Qani, yuringlar! Boraylik Yoqub naslining Xudosi uyiga! Toki U bizga o‘rgatsin O‘zining yo‘llarini, Toki yuraylik bizlar Uning so‘qmoqlaridan.” Axir, Egamizning kalomi kelib chiqar Quddusdan, Ha, Xudoning ta’limoti kelib chiqar Siondan.
3Egamiz hukm qiladi ko‘p xalqlarning orasida, Ajrim qiladi olisdagi kuchli millatlar orasida. Qilichlarini aylantirishadi omochga, Nayzalarini esa tok qaychilariga. Qilich ko‘tarmaydi bir–biriga xalqlar, Hech qachon jang qilmaydi ular.