NUR
Xo'sheya 2
1Egamiz shunday deydi: “Aka–ukalaringizni — Yomi, ya’ni ‘Mening xalqim’, opa–singillaringizni — Ruxamo, ya’ni ‘Rahmdan bahramand’, deb chaqiringlar.
2Ey farzandlarim, Onangiz bilan da’volashing, Aybini yuziga soling. U endi xotin emas Menga, Men ham er emasdirman unga. Ayting, yuzidagi upa–eligini artib tashlasin, Egnidagi uyatsiz kiyimini yechib tashlasin. Bo‘ldi, fohishaligini bas qilsin.
3Aks holda uning kiyimini O‘zim yechib tashlayman, Onasining qornidan tushganday qip–yalang‘och qilaman. Yerini bepusht sahroga aylantiraman, Uning yurtini qaqragan cho‘l qilaman. Tashnalikdan uni o‘ldiraman.